Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi Qonuni haqida

Ushbu Qonunning maqsadi davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Xorijda turgan davlat mulkini boshqarish ushbu mulk turgan davlatning qonunchiligi inobatga olingan holda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi O‘RQ-821-sonli 2023-yil 9-martda qabul qilingan bo‘lib, Qonun 10 bob, 56 ta moddadan iborat.

Davlat mulkini boshqarishning asosiy prinsiplari qonuniylik, hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik, sog‘lom raqobat uchun shart-sharoitlarning tengligi, davlat mulkiga egalik qilishning asoslanganligi, davlat mulkidan foydalanishning samaradorligi, mulkdor va tartibga soluvchi vazifalarining ajratilganligi, atrof-muhitni va tabiiy resurslarni muhofaza qilishning ustuvorligidan iborat.

Davlat mulkini boshqarish O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.

Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra yuzaga keladi. Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi shartnomalar va boshqa bitimlar tuzilganda, shu jumladan garchi qonunda nazarda tutilmagan bo‘lsa-da, lekin unga zid bo‘lmagan shartnomalar hamda boshqa bitimlar tuzilganda, mol-mulkni va (yoki) mol-mulkdan foydalanish huquqini, soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek davlat ulushi bo‘yicha hisoblangan dividendlarni xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritish yo‘li bilan ulushni olishda va sud qarorlari asosida ham yuzaga kelishi mumkin.

Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra bekor qilinadi. Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq va davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi mulkiy huquqlarni (ulushlarni) olish evaziga boshqa shaxsga o‘tganda ham bekor qilinishi mumkin.

Mazkur Qonun davlat mulkini boshqarishni tubdan takomillashishiga va davlat mulkini boshqarish samaradorligining oshishiga xizmat qiladi.