“Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash” laboratoriyasi

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 9 apreldagi PQ–5063-son qaroriga muvofiq Energetika vazirligi huzurida tashkil etilgan Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida Qayta tiklanuvchi (quyosh, shamol, biogaz, geotermal energiya va boshqalar) va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunda Institutda ushbu sohada bir qator ilmiy va amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan Osiyo taraqqiyot bankining texnik ko‘magi asosida fotoelektrik modullarini sinovdan o‘tkazish laboratoriyasining bazaviy hamda konseptual dizayni ishlab chiqilib, xalqaro standartlar talablari asosida o‘ndan ortiq zamonaviy o‘lchov qurilmalari bilan jihozlandi.

Innovatsion rivojlanish vazirligining ilmiy, innovatsion va tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalari asosida quyosh fotoelektrik modullarini sinovdan o‘tkazish stendlari yaratilib Institut ilmiy xodimlarini Yaponiya, Germaniya, Ispaniya, Xitoy, Hindiston, Rossiya davlatlarining sinov laboratoriyalarida malakasi oshirildi.

O’zbekiston hududi keskin kontinental iqlimiy mintaqada joylashganligi, yoz va qish fasllarida kun davomida havo haroratining keskin o‘zgarishlari, shuningdek yog‘ingarchilik kunlarining ko‘pligi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida yuqori sifatli texnologiyalardan foydalanishni talab etmoqda.

Shu munosabat bilan, Institutda quyosh fotoelektrik modullarini sinovdan o‘tkazishga mo‘ljallangan laboratoriya O’zbekiston akkreditatsiya markazi tomonidan                    O’zDSt IS0/IEC-17025-2019 standart talablari asosida baholandi va 2022 yil 18 apreldan boshlab 5 yil muddatga O’ZAK.SL.0185-son bilan davlat reyestriga kiritildi.

Buning natijasida mamlakatimizga chet davlatlaridan olib kirilayotgan fotoelektrik modullarni chiqish parametrlarini sinov laboratoriyasida o‘lchash natijalari asosida me’yoriy hujjatlarga muvofiqligi aniqlanadi. Natijada Respublikamizga sifatli fotoelektrik modullarni kirib kelishi ta’minlanadi.

Quyosh fotoelektrik modullarini sinovdan o‘tkazish laboratoriyasi O’zDSt IS0/IEC-17025-2019 standart talablari asosida baholanganligi va akkreditatsiyadan o‘tganligi sababli nafaqat respublikamiz, balki qo‘shni davlatlardan ham buyurtma olishi va ularning texnologiyalarini sinovdan o‘tkazishi mumkin.

Respublikamizda tashkil etilgan va akkreditatsiyadan o‘tgan Quyosh fotoelektrik modullarini sinovdan o‘tkazishga mo‘ljallangan laboratoriya Quyosh energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash sohasidagi boshlang‘ich qadam bo‘lib hisoblanadi. Ushbu sinov laboratoriyasi faoliyati kengaytirilib qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasi rivojlanishi, yurtimizda jahon standartlariga mos stansiyalar barpo etilishiga va bu iste’molchilarni uzluksiz hamda sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

http://nires.uz/wp-content/uploads/2022/08/0202.jpg
Tepaga