Qirg‘izistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika sohasidagi ayollarning birinchi sammit-konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

11.08.2022by Admin

Joriy yilning 9-10 avgustida Qirg‘iziston Respublikasi Issiqko’l viloyatida Markaziy Osiyo mamlakatlari – Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikistonning energetika sohasida faoliyat yurituvchi ayollari ishtirokida birinchi sammit-konferensiya bo’lib o’tdi.

Mazkur tadbirning maqsadi Markaziy Osiyo mamlakatlari (Qirg’iziston, O’zbekiston, Qozog’iston, Tojikiston, Turkmaniston) energetika kompleksi mutaxassislari o’rtasida o’zaro tajriba almashish, networking, elektr energetikasi sohasida gender tengligi masalalarini muhokama qilish, shuningdek, yashil energiya va kadrlar tayyorlash bilan bog’liq boshqa dolzarb mavzular bo’yicha faoliyat olib boruvchi ayollarni bir joyda birlashtirishdan iborat edi.

Sammitda O’zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi N.N. Dalmuradova “O’zbekistonda “yashil iqtisodiyot”ga o’tish Strategiyasini amalga oshirishga xotin-qizlarni jalb qilishning akademik usullari” mavzusidagi taqdimot bilan ishtirok etdi.

Tadbirda USAID “Markaziy Osiyo energetikasi” loyihasi a’zolari, Qirg’isizton Respublikasi Energetika vaziri, Qirg’iziston energetikasida ayollar Uyushmasi a’zolari, Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika sohasida faoliyat yurituvchi xotin-qizlar ishtirok etishdi.

2 kun davom etgan tadbirda qayta tiklanadigan energetika sohasidagi gender tengsizligiga qarshi kurashda eng yaxshi amaliyotlar va olingan saboqlar: mamlakatlar kesimida hamda kelajakka tayyorgarlik-energetika sektori uchun kadrlar zahirasini yaratish bo’yicha ma’lumot almashildi.

Tadbir yakuniga ko’ra ishtirokchilar Sammitdagi faol ishtiroki uchun maxsus diplom va treninglarda qatnashganligi uchun sertifikat bilan taqdirlandilar.

Tepaga