O’zbekistonda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda

25.02.2022by Admin

O’zbekistonda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda, bu sohadagi amalga oshirilgan asosiy mexanizmlardan biri Respublikada 2018 yilda ratifikatsiya qilingan Parij iqlim shartnomasi va 2019 yilda O’zbekiston Respublikasi Prezidentning PQ-4477-sonli qarori bilan «O’zbekiston Respublikasining 2019-2030 yillar uchun «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasining tasdiqlanishidir.

Strategiyani amalga oshirish yalpi ichki mahsulot (YaIM) birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 2030 yilga qadar 2010 yildagiga nisbatan 10% ga kamaytirishni, shuningdek, energiya samaradorligini ikki barobar oshirishni va YaIMning uglerod hajmdorligini pasaytirishni nazarda tutadi. 2021 yilning noyabrida Glazgo (Buyuk Britaniya) da bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (COP 26) ishtirokchi-davlatlari konferensiyasining 26-sessiyasida O’zbekiston 2030 yilgacha 2010-yilga qaraganda yalpi ichki mahsulotga nisbatan issiqxona gazlari ulushini avval belgilangan 10 foizni o‘rniga 35 foizga kamaytirishni tashabbusini berdi.

2018 yilda QMQga kiritilgan oxirgi o‘zgartirishlarga ko‘ra (QMQ 2.01.18), ko‘p qavatli turar joy binolari va turli jamoat binolari uchun maxsus iste’mol qiymatlari 1m2 yuzaga 92 kVt/soat, 99 kVt/soat va 101 kVt/soat etib belgilandi (eng issiq hududlardan sovuq hududlar uchun).

O’zbekiston energetika balansiga ko‘ra, 2020 yilda jamoat va tijorat binolari bilan bir qatorda turar-joy binolari umumiy energiya iste’molining qariyb 50 foizini – 154 ming TVtsoat iste’mol qilingan, u turar joy sektorida umumiy energiya iste’molining 85 foiziga to‘g‘ri keladi.

So‘nggi yillarda namunaviy xususiy tartibdagi va jamoat binolarida amalga oshirilgan pilot loyihalar yuqori rentabellikni ta’minlab berayotganligini ko‘rish mumkin, shu o‘rinda, energiyaning solishtirma xarajatlari kamida 40-50 foizga qisqardi va ba’zi hollarda 60-70 foizgacha tejash imkoniyati borligi aniqlandi.

Ta’kidlash joizki, qayta tiklanadigan energiya manbalari (QTEM) ga asoslangan energiya tejaydigan texnologiyalarni eng muqobil va mos muhandislik-texnik yechimlarni hisobga olgan holda joriy etish, yangi ishlab chiqilgan va qayta ishlangan energiya samaradorligi bo‘yicha standartlar hamda me’yoriy-huquqiy hujjatlar (QMQ, ShNQ) da aks ettirilishi O’zbekistondagi binolarning energiya samaradorligini oshirish siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda muhim vosita bo‘lishi kerak.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, BMT Taraqqiyot Dasturi/GEF va O’zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining «O’zbekistonda energiya tejaydigan qishloq uy-joylari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish» loyihasiga muvofiq, imzolangan BMT Taraqqiyot Dasturi va O’zbekiston Respublikasi energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasidagi 07.02.2022 yildagi RO/0055/22 sonli kelishuvga ko‘ra «O’zbekistonda shaharsozlik normalari va qoidalari, qo‘llanmalarini, shuningdek energiya samaradorligini oshirish va kam uglerodli qishloq uylari uchun davlat standartini ishlab chiqish va binolarda energiya sarfining minimal standartlarini ta’minlash bo‘yicha davlat standarti» loyihasinig amalga oshirish ishlari boshlangan.

Loyiha doirasida respublikaning iqlimiy xususiyatlarini hisobga olgan holda quyosh isitish (sovutish) insolyatsiya tizimlari bilan passiv uylarni loyihalashtirish va qurish sohasida mamlakatning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirishga qaratilgan. Xususan, so‘nggi 15 yil ichida 42 ta ob-havo stansiyasidan olingan iqlimiy ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash orqali (ularning 29 tasi asosan mamlakatimiz hududida, 13 tasi qo‘shni davlatlar hududida joylashgan) kunlik isitish va sovutish davrlarini hisoblash uchun O’zbekistonda tashqi havo haroratining o‘zgarishi dinamikasini o‘rganish rejalashtirilgan.

 

RO/0055/22 sonli loyiha doirasida quyidagi me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilishi kutilmoqda:

  1. QMQ “Quyosh isitish (sovutish) insolyatsion tizimlari bilan passiv uy» -isitish davrida passiv uyni isitish uchun issiqlik energiyasi iste’molining solishtirma sarfi ob’ektning geografik joylashuvi va mintaqaning iqlim sharoitiga qarab binolarning foydali isitiladigan maydoni yiliga 15 kVtsoat/m2 dan oshmasligi belgilangan.

Shuni ta’kidlash kerakki, insolyatsion passiv quyosh isitish tizimlari orqali isitish bo‘yicha dastlabki tajribalar bundan 85 yil avval O’zbekistonda 1931 yilda Koplonbek (hozirgi Qozog‘iston Respublikasining Chimkent viloyati) da amalga oshirilgan. Hozirgi vaqtda mahalliy olimlari tomonidan, xususan, texnika fanlari doktori Nilufar Avezova rahbarligida passiv energiya ta’minotiga ega bo‘lgan uylarning samaradorligini oshirish yo‘nalishida eng oqilona ilmiy – texnik va muhandislik yechimlarini, masalan, insolyatsion passiv quyosh isitish tizimlari uchun qisman nur yutuvchi uch qavatli shaffof to‘siqlar va qisqa muddatli faza o‘tish davri bilan issiqlik akkumulyatorlari, plastik butilkalar yordamida ortiqcha issiqlikni to‘plash usullari va quyosh nurlanishini tartibga solish uchun tekis nurlanish reflektorlaridan foydalanish, passiv quyosh isitish tizimlarining issiqlik jamlovchi devorlari uchun muhandislik yechimlari  taklif qilinmoqda

  1. “Energoaktiv shaffof to‘siqlar (deraza bloklari)” milliy standarti – «Passiv» tizimlarni loyihalashning eng muhim jihatlaridan biri bu energoaktiv shaffof to‘siqlar (deraza bloklari) bo‘lib, aynan shaffof to‘siqlar passiv quyosh isitish tizimlarining sezilarli darajada samarali ishlashini aniqlaydi.

Energoaktiv shaffof to‘siqlar (deraza bloklari) uchun xalqaro va mintaqaviy standartlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha materiallarni qidirish va o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, O’zbekistonda ko‘rib chiqilayotgan mavzu bo‘yicha amaldagi maqomga ega bo‘lgan 21 ta xalqaro va davlatlararo standartlar qabul qilingan va kuchga kiritilgan; o‘rganilayotgan sohadagi xalqaro standartlar ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, GOST va O’zDStning asosini tashkil etuvchi 16 ta standart amal qiladi.

Tepaga