O’zbekistonda «Green Banking» yashil loyihalarini amalga oshirish yo‘lida dastlabki odimlar

25.02.2022by Admin

O’zbekistonda «Green Banking» yashil loyihalarini amalga oshirish yo‘lida dastlabki odimlar

 

Ma’lumki, O’zbekiston iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yumshatish yo‘lida, rivojlangan davlatlar qatorida, Milliy maqsadlar hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqdi. Xususan, atmsoferaga issiqxona gazlari chiqishi miqdorini 2010 yildagiga nisbatan 10 foiz o‘rniga 35 foizga kamaytirish haqida Glazgoda bo‘lib o‘tgan Sammitda “O’zbekiston iqlim o‘zgarishi jarayonlarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘p tomonlama sa’y-harakatlarda faol ishtirok etishga tayyor”ligini bildirish jarayonida e’lon qildi.

“Yashil” kun tartibining dolzarb masalalarini hal etish borasida, xususan, Parij bitimini amalga oshirish doirasida Hukumat tomonidan ishlab chiqilgan “2019-2030 yillar davrida O’zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi”da belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash yo‘lida O’zsanoatqurilishbank tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilgan «Green Banking» yo‘nalishida yashil loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha ilk qadamlar tashlanmoqda.

Bu borada, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9-apreldagi PQ-5063-sonli Qarori bilan tashkil etilgan, Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari Milliy ilmiy-tadqiqot instituti bilan “O’zaro anglashuv va hamkorlik Memorandumi” imzolandi va mazkur Memorandumda keltirilgan vazifalarni bajarish yuzasidan o‘zaro hamkorlikdagi ishlarni amalga oshirish boshlandi.

Memorandumni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlariga xususan, “O’zsanoatqurilishbank” ATB ning joylardagi filiallari binosining energetik auditini jahon andozalari asosida sifatli amalga oshirish, mazkur ob’ektlardagi energiya ta’minoti tizimini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga qisman yoki to‘liq qoplash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Respublikaning iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari texnologiyalarini joriy qilishning amaliy va moliyaviy mexanizmlarini ishlab chiqish kabi ustuvor vazifalarning kiritilganligi “O’zsanoatqurilishbank” ATB iqtisodiyot tarmoqlarining samaradorligini oshirish yo‘lida yashil iqtisodiyotni rivojlantirish orqali Ustuvor rivojlanish maqsadlari sari shaxdam qadam tashlayotganligidan dalolat beradi.

Tepaga