23 sentabr kuni Energetika vazirligi huzuridagi «Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy tadqiqot instituti»da Respublikamizga tashrif buyurgan «Xalqaro Energetika Xartiyasi» ekspertlar delegatsiyasi bilan  qayta tiklanuvchi energiya manbalari, vodorod energetikasi, energiyasamarador va energiya tejamkor texnologiyalarni respublika iqtisodiyoti sohalarida qo‘llash bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi. Delegatsiya tarkibiga qayta tiklanuvchi energiya manbalari, vodorod energetikasi va energiyasamarador texnologiyalarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha Turkiya, Ukraina, Belorussiya va Moldova respublikalarida olim-mutaxassilari kiritilgan bo‘lib, ular bilan qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi, energiyasamaradorlik va  energiya tejamkorligi yo‘nalishlarida hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish, kadrlar tayyorlash va ishlashaga kelishib olindi. Uchrashuvda aholi uy-joylarini va ishlab chiqarish ob’ektlarini qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiyasamarador va energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llagan holda issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy tadqiqot instituti  O’zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi bilan qayta tiklanuvchi  va vodorod energetikasi sohasida hamkorlik qiladi

24 sentabr kuni Energetika vazirligi huzuridagi «Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy tadqiqot instituti»ga Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi O’zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi direktori boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiyada ushbu markaz eksperti Yaponiyalik Yukinori Yanagida ham tashrif buyurdi. Shu bilan birga memorandum imzolash marosimida O’zbekiston Respublikasi Energetika vazirligidan Azizbek Alimuxamedov ishtirok etdi.

Uchrashuvda hamkorlikda ilmiy-amaliy va innovatsion texnologiyalar sohasida jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasi va vodorod energetika sohasida hamkorlikda ishlash, kadrlar tayyorlash, Yaponiyaning nufuzli universitetlarida va ilmiy markazlariga yosh olimlarni stajirovkaga yuborish, birgalikda xalqaro loyihalarda ishtirok etish va xalqaro simpozium va konferensiyalar o‘tkazish borasida kelishib olindi.

Shundan so‘ng, Energetika vazirligi huzuridagi «Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy tadqiqot instituti» direktori N.A. Matchanov va Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi O’zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi direktori Nargiza Amirova hamkorlikda ishlash memorandumini imzoladilar.

Hamkorlikda birinchi qadam sifatida shu yil oktabr oyida O’zbekiston va Yaponiyaning yetakchi olimlari va mutaxassislari ishtirokida  “Uzbek‐Japan Symposium for  Future Hydrogen Technologies and Utilization” nomli simpoziumni o‘tkazishga kelishib olindi.

Ushbu memorandum O’zbekiston va Yaponiya mutaxasislarining qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorod energetika sohalaridagi kelajakdagi hamkorligiga yangi sahifa ochadi.